Қизиқарли:
Ёш журналистлар ижоди / Жамият

ZAMONAVIY QULLIK YOXUD ODAM SAVDOSI HAQIDA SIZ NIMA BILASIZ?

Поделиться:


Inson biosotsial mavjudot.  U qaysi davrda,  qaysi jamiyatda yashamasin har doim erkinlikka intiladi, mustaqil qaror qabul qilishni, jamiyatdagi pozitsiyasini oʻzi belgilashni xohlaydi va bularni oʻzining asosiy huquqlaridan deb biladi. Afsuski, bu huquqlarni poymol qiluvchi eng xavfli tushuncha bu odam savdosidir! Bu  maqola orqali ushbu tushunchaga siz koʻp marotaba duch kelgan odatiy stereotiplardan qochgan holda yanada oydinlik kiritishga harakat qilamiz.


Odam savdosi oʻzi nima ekanligi haqida barchamiz bir qadar tasavvurga egamiz, ammo  uning baʼzi nomaʼlum va gʻayriodatiy koʻrinishlarini eshitgan insonlar oramizda koʻp emas. Savdo degan soʻz bilan kelgan ushbu atama odamda pul yoki biror moddiy manfaat ustiga qurilganlik tasavvurini uygʻotadi, lekin odam savdosi har doim ham  moddiy manfaatlarni koʻzlagan holda amalga oshirilavermaydi. Odam savdosi majburiy mehnat,  majburiy nikoh, jinsiy zoʻravonlik, odam tana aʼzolarining ekstraksiya qilinishi, surrogatsiya,  bolalar savdosi kabi koʻrinishlarga ega. Bundan tashqari odam savdosining boshqa shaxs nomidan majburiy harbiy xizmatga yollash,  sportchi sifatida mahoratidan foydalanish,  pornografik yoki boshqa nojoiz maqsadlarda olinadigan roliklarda rol oʻynashga majburlash, notinch hududlarda portlatuvchi moddalar oʻrnatib, aholi gavjum joylarda tirik qurolga aylantirish,  ota-onasining qarzini undirish yoki pul talab qilish maqsadida farzandlarini oʻgʻirlash,  labaratoriyalar va tibbiyotda tajriba oʻtkazish uchun foydalanish kabi koʻrinishlarda  ham mavjud. Baʼzan esa oʻta qashshoqlik yoki moddiy manfaatni koʻzlab ota-onalarning oʻzlari ham bolalarini odam savdosining murgʻak qurboniga aylantirib qoʻyadilar.


Odam savdosi bir shaxs tomonidan bajarilmaydi. Birgina inson tana aʼzolarining noqonuniy savdosi jinoyati yollovchi, tashuvchi, tibbiyot xodimi, vositachi va xaridor (transplantatsiyaga muhtoj bemor) ishtirokida amalga oshadi. Bunda jinoyat amalga oshishigacha boʻlgan jarayonlarda ishtirok etgan barcha shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Eng qizigʻi shundaki, odatda yollovchi shaxs yoki jismonan tutqinlikka olishga layoqatli, yoki kuchli psixologik taʼsir oʻtkazuvchi mutaxassis boʻlishi ham mumkin. Eng achinarli yana bir koʻrinishi,  inson organlarining transplantatsiya qilinish yoʻli bilan emas, tashuvchi transport sifatida foydalanilishidir.  Bunda odam savdosi jinoyati koʻp hollarda oʻlim bilan yakunlanadi!


Odam savdosi mamlakat ichida yoki chet davlatlarda sodir boʻlishi mumkin. Odam savdosiga qarshi maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va taʼsirini oʻlchashda duch kelinadigan eng katta muammolardan biri uning koʻlami va qurbonlarning holati bilan bogʻliq ishonchli va sifatli maʼlumotlarning yetishmasligidir. Bor maʼlumotlarning asosiy manbalari ham aniqlangan qurbonlar tomonidan taqdim etilgan real  voqeliklarga asoslanadi. Ushbu maʼlumotlar huquqni muhofaza qilish organlari, sud tizimi, jabrlanganlarni himoya qilish va yordam koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlar,  ommaviy axborot vositalari tomonidan toʻplanadi.  Ishonchli manbalar shuni koʻrsatadiki, jabrlanganlarning koʻp qismi har doim ayollar boʻlgan, chunki odam savdosi avvaldan jinsiy ekspluatatsiya uchun sotilgan ayollarni qamrab oluvchi jinoyat turi sifatida koʻrilgan. Vaqt oʻtishi bilan erkaklarning ham bu illat qurboniga aylanishi foizlarda oʻsib bormoqda. Qullikning bu zamonaviy koʻrinishi keng tarqalishi boʻyicha Ekvatorial Gvineya, Eron, Shimoliy Koreya, Markaziy Afrika Respublikasi, Suriya, Jazoir, Rossiya, Zimbabve, Liviya va Venesuala davlatlari eng yuqori koʻrsatkichlar bilan roʻyxat boshida turibdi. Yer yuzida har yili 3 milliondan 45 milliongacha odam kontrabandasi holatlari uchramoqda. Bu qurbonlar “odam savdogarlar”iga yiliga 200 milliard dollarga yaqin “foyda” keltirmoqda. Ammo insoniyatgachi?


Soʻzimiz oxirida shuni eslatib oʻtmoqchimizki,  odam savdosi yosh, irq, jins, millat, elat tanlamaydi.  Oʻlja boʻlmaslik uchun esa qopqonni chetlab oʻtishning oʻzi yetarli emas. Turli balandparvoz takliflar va orzular roʻyobi goʻyoki pishloq qilib qo’yilgan tuzoq tomon talpinmaslik lozim! Zero,  tekin pishloq faqatgina qopqonda boʻladi. U tomon qoʻyilgan qadam esa soʻnggi qadam boʻlib qolishi mumkin!


Hafiza Muxtorova,

Jizzax davlat pedagogika instituti

Chet tillar fakulteti talabasi